Intel aksiyalari 1970-yillardan beri eng yirik qulashni boshdan kechirdi
Kutilganidan past chiqqan choraklik prognozlar, Isroildagi zavodda ro‘y bergan favqulodda to‘xtash va shaxsiy kompyuterlar (PC) bozoridagi pasayish yarimo‘tkazgich giganti Intel qimmatli qog‘ozlarini...
Kutilganidan past chiqqan choraklik prognozlar, Isroildagi zavodda ro‘y bergan favqulodda to‘xtash va shaxsiy kompyuterlar (PC) bozoridagi pasayish yarimo‘tkazgich giganti Intel qimmatli qog‘ozlarini deyarli 29 foizga pastga tortdi.
Mundarija

- Tarixiy pasayish: Juma kungi savdolarda kompaniya aksiyalari bir kunda 28,6% ga arzonlashib, 65,76 dollarga tushdi. Bu kompaniya uchun 1970-yillardagi inqirozlardan beri eng yomon ko‘rsatkich bo‘ldi.
- Investorlar yo‘qotishi: AQSh hukumati o‘tgan yili kompaniyaning 10 foizlik ulushini sotib olgan edi; bir kun ichida mazkur davlat aktivlarining qiymati taxminan 12 milliard dollarga qisqardi. Shuningdek, Intel’ga yirik sarmoya kiritgan Nvidia ham taxminan 6 milliard dollarlik qog‘ozdagi yo‘qotishga uchradi.
- Moliyaviy prognoz kutilganidan past: Joriy chorak uchun tushum 15–16 milliard dollar, sof foyda esa har bir aksiya uchun 25 sent atrofida bo‘lishi kutilmoqda (tahlilchilar prognozi: 17,1 mlrd dollar va 43 sent).
Inqirozning asosiy sabablari nimalarda?
- Kompyuter (PC) komponentlarining qimmatlashishi:
Xotira chiplari va ehtiyot qismlari narxining oshishi sababli global shaxsiy kompyuterlar bozori bosim ostida qolmoqda. Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, jahon bo‘ylab shaxsiy kompyuter yetkazib berish hajmi 4 foizga qisqargan. Kompaniya moliyaviy direktori Devid Zinsnerning ma’lum qilishicha, ushbu sustlik kamida kelgusi yilning birinchi yarmigacha davom etadi. - Isroildagi fabrika hodisasi:
Isroildagi zavodda yuz bergan portlash oqibatida 10 nanometrli chiplarni yetkazib berish vaqtincha to‘xtab qolgan. Mazkur hodisa kompaniyaga ikki chorak davomida taxminan 600 million dollarlik daromad boy berilishiga olib kelishi taxmin qilinmoqda.
Butun texnologiya sektori qizil hududda
Intel’dagi vaziyat alohida hodisa emas — butun Wall Street bo‘ylab texnologik gigantlarning sun’iy intellekt (AI) infratuzilmasiga sarflayotgan ulkan xarajatlari o‘zini oqlashi borasida shubhalar kuchaymoqda:
- Nasdaq indeksi 2,9 foizga tushdi;
- Alphabet aksiyalari o‘tgan kungi 12 foizlik antirekorddan so‘ng pasayishda davom etdi;
- Nvidia 4%, Broadcom 5% dan ortiq, Qualcomm esa 11% ga arzonlashdi;
- Amazon 2026-yilgi kapital xarajatlarini 220 milliard dollar darajasida saqlab qolgan bo‘lsa-da, ketma-ket ikki chorak salbiy erkin pul oqimini (free cash flow) qayd etib, 1,4% ga pasaydi.
Bosh direktor Lip-Bu Tan oldidagi sinov
2025-yil mart oyida boshqaruvga kelgan bosh direktor Lip-Bu Tan kompaniyaning mustaqil chiplar ishlab chiqarish (Foundry) tarmog‘ini oyoqqa turg‘azishga urinmoqda. Hozirda Intel Arizonadagi yangi korxonasida ilg‘or 18A chiplarini seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, tashqi yirik buyurtmachilar ro‘yxati hozircha e’lon qilinmagan. Rahbariyat keyingi ikki chorak ichida ilk yirik mijozlar bilan kelishuvlar ochiqlanishiga umid bildirmoqda.



Kammentariyada fikringizni qoldiring