Investitsiya Tamoyillari
Mening Investitsiya Falsafam va Tamoyillarim
Men shariatga muvofiq (halol) va sifatli chet el kompaniyalarining aksiyalariga uzoq muddatli investitsiya qilaman. Men uchun aksiyalarning shariatga muvofiq bo’lishi birinchi darajada muhim turadi. Men aksiyalar narxining qisqa muddat ichida o’zgarishidan ko’ra, kompaniyaning fundamental holatiga asosiy e’tibor qaratib uzoqni ko’zlab investitsiya qilaman. Men uchun kompaniya aksiyasiga investitsiya qilish, uning biznesiga sherik bo’lishni anglatadi.
Aksiyalarga investitsiya qilishda men quyidagi tamoyillarga tayanaman:
1. Aksiyalar shariatga muvofiq bo’lishi shart
Men investitsiya kiritayotgan kompaniyaning biznes faoliyati va moliyaviy ko’rsatkichlari AAOIFI Shariat Standardi talablariga javob berishi kerak. Birinchi navbatda, shu jihatiga e’tibor beraman. Kompaniya qanday faoliyat turlari bilan shug’ullanishi va daromad manbalarini sinchiklab tekshiraman. Biznes faoliyati belgilangan shariat me’zonlariga javob bergandan so’ng moliyaviy ko’rsatkichlarini tekshiruvdan o’tkazaman. Agar aksiyaning shariatga muvofiqligi bo’yicha menda ozgina shubha uyg’onsa ham bu aksiyani sotib olmayman (qisqa vaqtda katta daromad keltirish ehtimoli yuqori bo’lsa ham).
2. Kompaniya faoliyatiga yaxshi tushunish
Aksiya bozorida turli sanoatlarda faoliyat yurituvchi minglab kompaniyalar bor. Har bir sanoatni to’liq tushunish yoki o’rganib chiqish bir kishi uchun imkonsiz. Men bu minglab kompaniyalar ichidan o’zim yaxshi tushunadigan sanoat kompaniyalarigagina investitsiya qilaman. O’zim yaxshi biladigan sanoatlarni yaqindan kuzatib-o’rganib borishim, bu sanoat vakillari ichidan sifatli va raqobatchilariga nisbatan ustun kompaniyalarni ajratib olish imkonini beradi.
3. Uzoq muddatga investitsiya
Men aksiyaga investitsiya qilish orqali uzoq yillar muvaffaqiyatli biznesga sherik bo’lishni maqsad qilaman. Agar kompaniyaning shariatga muvofiqligi va fundamentali salbiy tomonga o’zgarmasa, ma’lum qisqa muddatdan so’ng sotib yuborishni niyat qilmayman. Kompaniyalarning o’sishi, daromadlarini ko’paytirishi va yaxshi natijalar ko’rsatishi uchun uzoqroq vaqt kerak. Men uchun uzoq muddatga investitsiya qilishning riski past va daromad darajasi yuqori.
4. Fundamental tahlilga asosiy e’tibor
Investitsiya kiritadigan aksiyalarimni tanlashda har tomonlama chuqur fundamental tahlil qilaman. Fundamental tahlilga asoslanib aksiyaning haqiqiy qiymati (intrinsic value) va risk darajasini aniqlayman. Fundamental tahlilni to’ldirish maqsadida texnik tahlildan ham qo’shimcha foydalanaman. Lekin kompaniyaning fundamental holatini inkor qilib, faqatgina texnik holatiga asoslanib aksiya sotib olmayman.
5. Diversifikatsiya qilingan portfel
Aksiyalarni diversifikatsiya qilish kelgusida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan turli risklarni kamaytirishga xizmat qiladi. Men aksiyalarning turli xususiyatlarini va bir-biriga o’zaro bog’liqligini (korrelyatsiya) hisobga olgan holda portfelimni diversifikatsiya qilib boraman. Portfelimda yuqori risk darajasiga ega o’suvchi askiyalar (growth stock) bilan birga, risk darajasi past va haqiqiy narxidan arzon sotib olinadigan qiymat aksiyalari (value stock) ham mavjud.


