You are currently viewing Covid-19 pandemiyasi ta’lim tizimida qanday muammolar keltirib chiqarmoqda?

Covid-19 pandemiyasi ta’lim tizimida qanday muammolar keltirib chiqarmoqda?

  • Post category:Ta'lim
  • Bildirilgan fikrlar:0 Fikrlar

Insoniyat tarixi juda ko’p beqaror vaziyatlarni qamrab oladi. Bu turli urushlar, tabiiy ofatlar, iqtisodiy-ijtimoiy inqirozlar bo’lishi mumkin. Shunday sabablar tufayli  2019-yilda  butun dunyo bo’yicha 75 milliondan ortiq yoshlar sifatli ta’lim olishdan chetda qolib ketayotgan edilar. O’zi shundoq ham katta miqdorni tashkil etuvchi bu ko’rsatkich bugungi COVID-19  global pandemiyasi davrida yanada katta raqamga aylanib ketdi. UNESCO bergan ma’lumotlarga ko’ra bugun dunyo bo’ylab  1 milliard 500 milliondan ortiq ta’lim oluvchilarning akademik hayotida buzilishlar ro’y bergan.

Bugungi og’ir sharoitda ta’lim tizimidagi bu ulkan inqiroz  dunyoning o’ta dolzarb muammolari bo’lib turgan sog’liqni saqlash va iqtisodiyot fonida ko’zga tashlanmayotgendek tuyulmoqda. Aslida esa, agar vaziyat shu tariqa yana uzoqroq vaqt davom etsa, ta’limdagi bu bo’shliqni davomli ta’siri yuqoridagi ikki muammodan ko’ra ko’proq jamiyatga zarar keltirishi mumkin. Bu narsa asosan kichik yoshdagi, ta’limga ilk qadam tashlayotgan bolalarning bazaviy o’rganish sohalarida (o’qish, matematika va chet tillari) yaqqol namoyon bo’lishi mumkin. Shuning uchun ta’limning alternativ yo’llari, xususan masofaviy ta’lim, bugunning eng dolzarb muammolaridan biri bo’lishi, hukumatlar bunga katta e’tibor qaratmoqlari lozim. Bu ayniqsa dunyo bo’ylab maktab ta’limida ro’y bergan o’zgarishlarda yaqqol ko’zga tashlanmoqda.

Muammo nimada?

1. Ta’lim muassasalarining faoliyat olib bormasligi o’z navbatida ijtimoiy va iqtisodiy zarar olib keladi. Davlat va xususiy ta’lim muassasalari katta iqtisodiy muammolarga duch kelsa, yaxshi yo’lga qo’yilmagan masofaviy ta’limning sifati va ta’lim izchilligidagi bo’shliq kelgusida ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi tabiiy.

2. Uyda qolgan yosh bolalar to’g’ridan-to’g’ri oila buydjetiga ko’proq zarar olib keladilar. Bu ayniqsa jamiyatning nisbatan kambag’al qatlamida yaqqolroq namoyon bo’ladi: Ishlovchi ota-ona uyda qolgan farzandi tufayli ishlay olmay qolishi ehtimoli yuqori. Iqtisodiy hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) bergan ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo’yicha 70% sog’liqni saqlash sohasi hodimlari ayollar hisoblanadi. Bu shundoq ham og’ir ahvolda bo’lgan tizimni yanada qiynab qo’ymoqda.

3. Bundan tashqari, ta’lim olish uchun ota-ona yordami mavjud bo’lmagan o’quvchilar qatlamida o’qituvchilar bilan bevosita aloqaning uzulishi natijasida ta’lim olish bilan bog’liq muammolar kattaroq bo’ladi.

4. Texnologiyaning dunyo bo’ylab noteng rivoji natijasida pandemiya davridagi onlayn ta’limda ham juda katta farqlar kuzatilmoqda. Bu ayniqsa internet tarmog’iga va tegishli qurilmaga ega bo’lmagan qatlam uchun xaqiqiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.

5. Shuningdek, bolalarni kerakli ozuqa bilan ta’minlash masalasi ham bugunning asosiy muammosiga aylangan. Dunyo bo’ylab juda ko’p o’quvchilar maktablar tarafidan beriladigan tekin yoki chegirmali ovqat bilan ta’minalanar edi. Bugungi holatda esa, hamma davlatlar ham  bolalar uchun bunday imkoniyatni saqlab qola olmayapti.

6. Eng muhimi esa, maktablarning yopilishi o’quvchilarni o’zlashtirishiga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Ko’p joylarda bu narsa yetarli akademik bilimga ega bo’lmagan ota-onalar hamda o’qituvchilar bilan beqaror aloqa tufayli ro’y bermoqda.

Yuqoridagi kabi muammolar, maktabgacha ta’lim, o’rta va oliy ta’limda ham ko’zga tashlanmoqda. Uzoq davr mobaynida ta’kidlab kelingan va kelajak ta’lim tizimi deya e’tirof etilgan masofaviy o’qitish bugungi kunda to’satdan sodir bo’lgan pandemiya tufayli yetarlicha tayyorgarliksiz amalga tadbiq etildi. Bu esa o’z navbatida dunyoning turli burchaklarida turlicha natija berdi.

O’zbekistonda holat qanday?

UNESCOning COVID-19 Pandemiyasi tufayli yopilgan maktab va maktabgacha bo’lgan ta’lim muassasalari haqidagi hisobotiga ko’ra, O’zbekistonda jami 7 mln 410 mingdan ortiq o’quvchi yoshlar zarar ko’rgan. Dunyoning 87.6% ta’lim oluvchi qatlamiga o’z ta’sirini ko’rsatgan pandemiya sharoitida bugun mamlakatlar shu sohada ham katta muammolarga ro’baro kelmoqda. Bugun aynan shu sohada izchil islohotlarni olib borish talab etiladi. Chunki sifatli ta’limdan bir yil davomida chetda qolib ketish dunyo tajribasida hali ro’y bermagan, qanday natija bilan tugashi noma’lum amaliyot hisoblanadi. Hukumatlar va xalqaro tashkilotlar bu borada birga ishlashlari, munosib va samarali islohotlarni amalga tadbiq etishlari lozim. 

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish