You are currently viewing AQSh Eron hududida yirik harbiy amaliyot boshlaganini ma’lum qildi, Bahrayndagi 5-flotga raketa hujumi haqida xabar berildi

AQSh Eron hududida yirik harbiy amaliyot boshlaganini ma’lum qildi, Bahrayndagi 5-flotga raketa hujumi haqida xabar berildi

AQSh prezidenti Donald Trump shanba kuni Amerika harbiylari Eron hududida “yirik jangovar amaliyotlar”ni boshlaganini tasdiqladi. Uning aytishicha, operatsiyalarning maqsadi — “Eron rejimidan kelayotgan bevosita tahdidlarni bartaraf etish va Amerika xalqini himoya qilish”.

Reuters xabariga ko‘ra, AQSh kuchlari Eron hududiga havo va dengiz orqali zarba bergan. Tehron janubidagi bir nechta vazirlik binolari nishonga olingani aytilmoqda. Pentagon CNBC so‘rovini olganini bildirgan, biroq tafsilotlarga aniqlik kiritmagan.

Tramp Eron muzokaralar davom etayotganiga qaramay yadroviy dasturini tiklashga urinayotganini iddao qildi. U o‘tgan yil iyunidagi zarbalar Fordo, Natanz va Isfahondagi obyektlarga “jiddiy zarar yetkazganini” ta’kidladi hamda Tehronni uzoq masofali raketalarni rivojlantirishda davom etayotganlikda aybladi.

Shu kuni Isroil ham Tehronda kunduzgi zarba yo‘lladi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats hujum “tahdidlarni bartaraf etish” maqsadida amalga oshirilganini aytdi. Isroil mudofaa kuchlari Eron tomondan raketalar uchirilganini ma’lum qilib, mudofaa tizimlari ishga tushirilganini bildirdi.

Bahrayn davlat axborot agentligi mamlakatdagi AQShning Beshinchi floti xizmat markazi raketa hujumiga uchraganini xabar qildi. Manamadagi AQSh elchixonasi “yaqinlashib kelayotgan dron/raketa hujumi” haqida ogohlantirib, fuqarolarni boshpana olishga chaqirdi. Abu-Dabidagi elchixona ham shunga o‘xshash ogohlantirish e’lon qildi.

Keskinlashuv ortidan aviakompaniyalar reyslarni qayta yo‘naltirmoqda. Germaniyaning Lufthansa kompaniyasi Tel-Aviv, Bayrut va Ummon yo‘nalishlariga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi, Niderlandiyaning KLM esa Amsterdam–Tel-Aviv reyslarini bekor qildi. Dubayda joylashgan Emirates operatsiyalarini “so‘nggi voqealarga moslashtirayotganini” bildirdi.

AQSh va Eron Shveysariyada muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazgan edi. Vashington Eronning ballistik raketa dasturi ham kelishuv doirasiga kiritilishini talab qilmoqda. Tehron esa harbiy bosim bo‘lsa, “qat’iy javob” berishini bildirgan.

Geosiyosiy keskinlik fonida neft bozori ham hushyor: Eron OPEK asoschilaridan biri bo‘lib, dunyo neftining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi hududida joylashgan. Ta’minotdagi uzilish ehtimoli narxlarni so‘nggi olti oylik maksimumlarga yaqinlashtirdi.

Do'stlaringizga yuboring

Fikr bildirish