Aprel oyida neft taqchilligi yanada yomonlashadi; agentlik strategik zaxiralarni ochishni ko‘rib chiqmoqda
Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kelgusi oyda neft ta’minotidagi uzilishlar yanada kuchayadi. Aynan shu uzilishlar Eron urushi boshlanganidan beri narxlarning keskin...
Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kelgusi oyda neft ta’minotidagi uzilishlar yanada kuchayadi. Aynan shu uzilishlar Eron urushi boshlanganidan beri narxlarning keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.
“Norges Bank Investment Management” bosh ijrochi direktori Nikolay Tangen olib boradigan “In Good Company” podkastida so‘zga chiqqan Fotih Birol, AQSh va Eron o‘rtasidagi urush keltirib chiqargan energetika inqirozi tarixdagi eng yomoni ekanini ta’kidladi.
“Kelasi oy, ya’ni aprel, mart oyiga qaraganda ancha yomon bo‘ladi”, — dedi u. Uning tushuntirishicha, mart oyida urush boshlanishidan oldin Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tib olgan ayrim yuk kemalari bozorga neft va gaz yetkazib berishda davom etayotgan edi.
“Ular hali ham portlarga kelmoqda, neft va boshqa energiya resurslarini keltirmoqda. Aprelda esa bunday kemalar qolmaydi. Aprel oyidagi neft yo‘qotishlari martdagiga qaraganda ikki baravar ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga, suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) va boshqa mahsulotlar taqchilligi ham qo‘shiladi. Bu inflyatsiyaga ta’sir qiladi va ko‘plab mamlakatlar, ayniqsa, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning iqtisodiy o‘sishini pasaytiradi. Ko‘pgina davlatlarda energiya iste’molini cheklash (limit joriy etish) vaqti yaqinlashmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Birol.
AQSh Prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Amerika kuchlari Eronni “ikki yoki uch hafta ichida” tark etishini aytdi, bu esa moliya bozorlarida umumiy yengillik va o‘sishni keltirib chiqardi.
Biroq Birolning ta’kidlashicha, hozirda beshinchi haftasiga kirgan urush 1970-yillardagi inqirozlardan va 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyingi holatdan ham chuqurroq taqchillikni yuzaga keltirgan.
“1973 va 1979-yillardagi inqirozlarning har birida biz kuniga taxminan 5 million barrel neft yo‘qotgan edik va bu ko‘plab mamlakatlarda global retsessiyaga olib kelgan edi. Bugun esa biz kuniga 12 million barrel yo‘qotdik — bu avvalgi ikkita yirik inqirozning yig‘indisidan ham ko‘proq demakdir”, — dedi u Tangenga.
Bundan tashqari, muhim yuk tashish yo‘li bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozining blokadasi natijasida yo‘qotilgan gaz hajmi ham to‘rt yil avvalgi Rossiya gazining uzilib qolish miqdoridan oshib ketgan.
“Hozirgi inqiroz ushbu uchta holatning yig‘indisidan ham kattaroqdir. Buning ustiga, global ta’minot zanjiri uchun o‘ta muhim bo‘lgan neft-kimyo mahsulotlari, o‘g‘itlar va oltingugurt kabi xomashyolar ham to‘xtab qoldi. Biz tarixdagi eng yirik va jiddiy uzilishlar ostonasida turibmiz”, — dedi XEA rahbari.
Birol Yaqin Sharqdagi mojaro cho‘zilib borayotgani sababli, XEA strategik neft zaxiralarini yana bir bor bozorga chiqarishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.
“Biz bozorni har kuni, hatto har soatda kuzatib boryapmiz. Agar ehtiyoj bor deb hisoblasak, hukumatlarga zaxiralarni chiqarish bo‘yicha taklif kiritamiz. Bugungi kundagi eng katta muammo — aviakerosin va dizel yoqilg‘isi yetishmasligidir. Biz buni hozirda Osiyoda ko‘ryapmiz, ammo aprel oyida yoki may oyi boshida bu muammo Yevropaga ham yetib boradi”, — dedi u.
Shu oy boshida XEAning 32 ta a’zo davlati urush oqibatlarini yumshatish uchun zaxiralardan rekord darajadagi 400 million barrel neft chiqarishga kelishib olgan edi. Birol zaxiralarning navbatdagi qismini chiqarish muammoni butunlay hal qilmasligini uqtirdi:
“Bu faqat og‘riqni kamaytirishga yordam beradi, ammo yakuniy davo bo‘la olmaydi. Yagona yechim — Hormuz bo‘g‘ozining ochilishidir. Zaxiralarni chiqarish orqali biz faqat vaqt yutmoqdamiz”.
28-fevralda AQSh va Isroil Eronga zarba berganidan so‘ng neft narxi osmonga sakradi. Mart oyi davomida jahon miqyosidagi Brent nefti narxi 60% dan ko‘proqqa oshdi, bu 1980-yillardan beri qayd etilgan eng yuqori oylik o‘sishdir.
XEA inqiroz ta’sirini yumshatish uchun avtomobillar tezligini kamaytirish, masofadan turib ishlash va gaz pechlaridan foydalanishni qisqartirish kabi tavsiyalarni ham e’lon qilgan.



Kammentariyada fikringizni qoldiring