Eron Nvidia, Apple va boshqa texnologiya gigantlariga hujum qilish bilan tahdid qilmoqda
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Yaqin Sharqda faoliyat yuritayotgan bir qator AQSh texnologiya kompaniyalariga, jumladan, Nvidia, Apple, Microsoft va Googlega hujum qilish bilan tahdid...
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Yaqin Sharqda faoliyat yuritayotgan bir qator AQSh texnologiya kompaniyalariga, jumladan, Nvidia, Apple, Microsoft va Googlega hujum qilish bilan tahdid qildi.
IIMK seshanba kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalariga javoban 18 ta texnologiya kompaniyasi “qonuniy nishon” deb hisoblanishi haqida ogohlantirdi.
Ushbu kompaniyalarga hujumlar chorshanba kuni, 1-aprel Tehron vaqti bilan soat 20:00 da (Sharqiy vaqt bilan 12:30) boshlanadi, deyiladi IIMKning Telegram’dagi xabarida. Shuningdek, xabarda kompaniya xodimlariga o‘z hayotlarini saqlab qolish uchun ish joylarini zudlik bilan tark etish haqida ogohlantirish berilgan.
“Bundan buyon, har bir suiqasd uchun bittadan Amerika kompaniyasi yo‘q qilinadi”, — deyiladi IIMKga aloqador Telegram kanalida.
Nishonlar ro‘yxatidan, shuningdek, Cisco, HP, Intel, Oracle, IBM, Dell, Palantir, JP Morgan, Tesla, GE, Spire Solutions, Boeing va BAAda joylashgan G42 sun’iy intellekt kompaniyasi o‘rin olgan.
Bu tahdidlar joriy oy boshida Eronning Yaqin Sharqdagi AWS (Amazon Web Services) ma’lumotlar markazlariga bergan zarbalaridan so‘ng yangradi. O‘shanda ushbu zarbalar Birlashgan Arab Amirliklaridagi qator ilovalar va raqamli xizmatlar faoliyatida uzilishlarga sabab bo‘lgan edi.
AQSh texnologiya kompaniyalari so‘nggi yillarda Yaqin Sharqqa, ayniqsa, sun’iy intellekt infratuzilmasini qurishga katta resurslar yo‘naltirmoqda, chunki mintaqa arzon energiya va yer maydonlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
“Jamoamizning xavfsizligi va salomatligi bizning birinchi darajali ustuvor vazifamizdir”, — deyiladi Intel vakilining CNBC nashriga bergan bayonotida. “Biz Yaqin Sharqdagi xodimlarimiz va ob’ektlarimizni himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqdamiz va vaziyatni faol kuzatib boryapmiz.”
Telegram’dagi xabarda ko‘rsatilgan barcha kompaniyalarga izoh so‘rab murojaat qilingan. Microsoft, Google va JP Morgan izoh berishdan bosh tortdi. 28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari butun mintaqa bo‘ylab Eronning javob hujumlariga sabab bo‘ldi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahliliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Quvaytga 3000 dan ortiq dron va raketalar otilgan.
Seshanba kuni Prezident Donald Tramp AQSh harbiy kuchlari Eronni “ikki yoki uch hafta” ichida tark etishini kutayotganini aytdi. Oq uy Tramp chorshanba kuni kechqurun Eron urushi bo‘yicha xalqqa murojaat qilishini e’lon qildi.



Kammentariyada fikringizni qoldiring